2-may kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Xidoyatov uyni saqlash bo‘yicha to‘lovlardan qarzi bor xonadon egalarini energiyasi ta’minotidan uzish rejasiga izoh berdi.

Bunday tajriba eksperiment tariqasida Navoiy viloyatida (prezidentning 2023-yil 15-avgustdagi qaroriga asosan) o‘tkazilishi reja qilinmoqda. Xonadonlarni elektr energiyasidan uzib qo‘yish ko‘p qavatli uyning umumiy mulkini saqlash, foydalanish, uni ta’mirlash va tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badal va to‘lovlar (“kvartplata”)dan qarzi borlarga qo‘llash ko‘zda tutilgan.

“Nega Navoiy shahri tanlandi? Respublikamizda faqat Navoiy viloyatida boshqa joylarga qaraganda odamlarning to‘lovi tartibli, 100 foiz bo‘lmasa ham o‘z vaqtida to‘lash foizi yuqori”, — dedi Sherzod Hidoyatov.

Vazir birinchi o‘rinbosarining aytishicha, yangi — billing tizimi allaqachon ishlab chiqilgan, “Hududiy elektr tarmoqlari” tizimi bilan ham integratsiyalashgan. Tizim energetika to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, deputatlar tomonidan qabul qilinishi va prezident tomonidan imzolanganidan keyingina kuchga kiradi.

Sherzod Hidoyatov, shuningdek, chiqindi uchun to‘lovlardan qarzdorlik bo‘yicha ham elektrni cheklash rejalari haqida gapirdi, biroq buning uchun ham qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish talab etilishini ta’kidladi. Bu amaliyot yaxshi samara berishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

“Masalan, bitta ko‘p qavatli uyda 50 ta xonadon bo‘ladigan bo‘lsa, shundan 40 tasi o‘z vaqtida to‘lasa, lekin qolgan 10 ta xonadon to‘lamagani uchun 40 ta xonadon egalari nima uchun bu xizmatdan foydalana olmasligi kerak? Hamma o‘z vaqtida to‘lashi kerak, deb o‘ylayman. Mana, bugungi kunda bu tajribalar juda yaxshi samara berdi. Misol uchun, to‘lov o‘z vaqtida bo‘lmasa, elektr energiyasi onlayn o‘chadi, gaz ham xuddi shunday…Biz ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholimizga ham xizmat ko‘rsatishni, ham chiqindilarning toza bo‘lishini xohlaymiz, lekin to‘lov degan joyida ko‘p masalalar kelib chiqyapti”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning dekabr oyida chiqindini olib chiqish bo‘yicha debitorlik qarzdorligini kamaytirish maqsadida uni iste’molchilarning foydalanilgan elektr energiyasi tariflari tarkibiga kiritish mexanizmlarini joriy qilish haqida xabar berilgandi. Biroq ushbu tizim hali amalga oshirilmagan.

Yanvar oyi boshida poytaxtdagi aholi va tashkilotlar uchun chiqindi to‘plash va olib chiqib ketish xizmati narxi 1,5−1,6 baravarga — uyda yashovchi har bir kishi uchun oyiga 4500 so‘mdan 7500 so‘mga, budjet va xo‘jalik hisobidagi tashkilotlar uchun 53 986 so‘mdan 89 966 so‘mgacha oshdi.